“Kelajakka qadam”: Davlat xususiy sherikchiligi deyilayotgan xorijiy “Kundalik” MCHJ haqida | Surishtiruv
“Ma’rifat” gazetasi “”Kundalik” elektron tizimi: kelajakka qadam” sarlavhasi ostida bir yaxshi maqola e’lon qilibdi. Maqolada asosan, tizimning “afzalliklari va foydasi” haqida so‘z boradi.
Xabaringiz bor, bundan ikki oylar oldin, Xalq ta’limi vazirligi 2020-yil 30 noyabrdan boshlab kundalik.com tizimiga majburiy obuna boshlanishi haqida xabar bergandi.
“Ma’rifat”ning yozishicha, “Kundalik” raqamli ta’lim platformasi nafaqat maktablar, balki o‘rta maxsus ta’lim muassasalari, ya’ni Ichki ishlar vazirligining 14 ta litseyi ham joriy etilgan. Ushbu tizimda jami 1581 maktab ish boshlagan bo‘lib, ulardan 1482 tasi qog‘oz jurnallar va kundaliklardan butunlay voz kechgan. Ma’lumotlar bazasi haqida biroz keyinroq. Avvalo kompaniyaning “davlat xususiy sherikligi” degan normaga qanchalik mos kelishiga to‘xtalish lozim.
Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi noyabr oyidagi brifingda: “Xalq ta’limi vazirligi va “Kundalik” (Rossiyaning “Дневник.ру”) kompaniyasi o‘rtasida davlat xususiy sherikligi asosida shartnoma imzolangan bo‘lib, buning natijasida xususiy sarmoya jalb etilgan holda, davlat mablag‘lari tejaladi,” degandi.
“Davlat xususiy sherikligi asosida” deyilgan “kompaniya” esa aslida “Дневник.ру”ning O‘zbekistondagi sho‘ba korxonasi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Havola: https://www.dnb.com/business-directory/company-profiles.kundalik.182a5b9fa1c482f0ea2d187bf282a2a7.html#industry-info
Davlat xizmatlari yagona interaktiv portal ma’lumotlariga ko‘ra, 2018-yil mart oyida tashkil etilgan “KUNDALIK” MCHJning 51 foiz aksiyasi Rossiyaning ООО “Дневник.ру”ga qolgan 49 foiz aksiyasi esa Shveysariyaning “ALLIED CAPITAL HOLDING SA” kompaniyasiga tegishli.
Tashkilot manzili sifatida esa Toshkent shahri Chilonzor tumani Bunyodkor shox ko’chasi 42/1-uy manzili ko‘rsatilgan. Ayni manzilda shuningdek, Rossiyaning Alisher Usmonovga qarashli deb yuritiladigan SFI Management Group va Qozog‘istonning T Investments kompaniyalar tomonidan teng sheriklik asosida ochilgan Tashkent City Development kompaniyasi ham joylashgan. Har ikkala tashkilotga bir kishi — Azimov Bexzad Muratovich rahbarlik qiladi.
2019-yil 10-mayda qabul qilingan “Davlat-xususiy sherikchilik to‘g‘risida”gi qonunda ushbu tushunchaga “davlat sherigi va xususiy sherikning muayyan muddatga yuridik jihatdan rasmiylashtirilgan, davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun o‘z resurslarini birlashtirishiga asoslangan hamkorligi” deb ta’rif berilgan. Oddiyroq aytganda davlat-xususiy sherikchiligi deganda, davlatning loyihalarni biror kompaniya yoki firma bilan hamkorlikda amalga oshirishi nazarda tutilgan.
Lekin “KUNDALIK” MCHJ Rossiya va Shveysariya kompaniyalari sherikligida yuritiladigan loyiha ekanligini hisobga oladigan bo’lsak, ushbu qonun bu vaziyatda ishlamaydi.
Bu o‘rinda yana bir ma’lumot. 2020-yil 4-iyul kuni Xalq ta’limi vazirligi tomonidan sohaga elektron kundalik tizimini yaratish uchun davlat-xususiy sherikchiligi asosida amalga oshiriladigan loyiha uchun tender e’lon qilingan. (https://www.uzedu.uz/en/tadbirkorlar-va-sarmoadorlar-dikkatiga120) Ammo tender natijalari bo‘yicha ma’lumot vazirlik saytidan o‘chirib yuborilgan.
Bundan tashqari loyihaning yillik daromadiga to‘xtaladigan bo‘lsak, DNB tijoriy ma’lumotlar tahliliy bazasi ma’lumotlariga ko‘ra “KUNDALIK” MCHJ yiliga taqriban 640 ming AQSh dollaridan ortiq daromad topadi. Joriy etilayotgan obuna orqali esa mazkur daromad deyarli 10 barobarga oshadi. Ya’ni yillik 9 200 so‘m obuna * 6 million 119 ming 440 nafar o‘quvchi = 56 milliard 298 million 848 ming so‘m yoki 5 million 373 ming AQSh dollari.
Ayni paytga qadar kompaniyaning daromadlari qaysi manbalardan olingani haqida biror rasmiy ma’lumot yo‘q. Faqat kompaniya metodisti Gulnora Ismoilova tashkilot reklama beruvchilar hisobiga o‘zini o‘zi qoplashiga sha’ma qilar ekan, shunday degan: “Maʼlumotlar maktab xodimlariga, taʼlim organlariga, Kundalik kompaniyasi xodimlariga va shaxsiy maʼlumotlarsiz uchinchi tomonlarga berilishi mumkin. Uchinchi tomonlar reklama beruvchilardir(?!). Ular Kundalik.com foydalanuvchilariga oʻzlarining mahsulotlari va xizmatlari haqida, bizning formatimizga mos keladigan format, mavzu va auditoriya yoshi boʻyicha maʼlumot berishlari mumkin.” Vazirlik tomonidan mazkur tizim serverlari O‘zbekistonda joylashganligi ta’kidlanmoqda. (Ushbu ma’lumot o‘z tasdig‘ini topdi.)
Ammo o‘quvchilar bilan bog‘liq butun ma’lumotlar bazasiga ega tashkilotda davlatning hissasi bo‘lmasa, serverlarning qayerda joylashganligi qanchalik ahamiyatli?
Sira savollarga kelar ekan, vazirlik yana qator masalalarga aniqlik kiritsa, o‘rinli bo‘lardi:
1. “Дневник.ру” va “ALLIED CAPITAL HOLDING SA” kompaniyasi tomonidan yuritiladigan kompaniyada vazirlikning o‘rni qaysi nuqtalarda bilinadi?
2. Elektron kundalik tizimini yaratish uchun tashkil etilgan tender ma’lumotlari nima uchun saytdan o‘chirib yuborilgan?
3. Ushbu tenderda “Дневник.ру”dan tashqari yana qaysi kompaniyalar qatnashgan?
4. “Дневник.ру” qanday ustunliklar evaziga g‘olib chiqqan?
5. Tizim nima uchun .uz emas, xalqaro .com domeniga joylashtirilgan?
6. Serverlar O‘zbekistonda ekan, nima uchun ro‘yxatdan o‘tish yagona davlat interaktiv xizmatlari portali orqali amalga oshirilmaydi?
7. “Davlar sirlarini saqlash to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasi (Davlat sirlarining kategoriyalari)da oshkor etilishi respublika harbiy-iqtisodiy imkoniyatlarining sifat holatiga salbiy ta’sir etishi yoki O‘zbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyati, davlat xavfsizligi, iqtisodiy va siyosiy manfaatlari uchun boshqa og‘ir oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar davlat siri sifatida keltirib o‘tilgan. Davlat ulushi mavjud bo‘lmagan tizimga Ichki ishlar vazirligi litseylaridagi o‘quvchilar haqidagi ma’lumotlarning joylanishi mazkur qonun talablariga qanchalik mos?
Hozircha savollar shu. Berilgan javoblarga qarab navbatdagilari beriladi.
Bahodir Firdavsiy